MURAKKAB QATLAMLARNI BURG‘ILASH JARAYONIDA SALLNIK HOSIL BO‘LISH JARAYONINI TADQIQ ETISH
Ushbu maqolada murakkab geologik sharoitlarda quduqlarni burg‘ilash jarayonida sallnik hosil bo‘lishining gidrodinamik va mexanik mexanizmlari tadqiq etilgan. Quduq tubini samarali yuvish, burg‘ilash jarayonida hosil bo‘ladigan tog‘ jinsi shlamlarini halqa oralig‘i orqali yer yuzasiga olib chiqish hamda ularning burg‘ilash tizmasi yuzasida to‘planishiga ta’sir etuvchi omillar tahlil qilingan. Burg‘ilash qorishmasining oqim tezligi, bosimi va yo‘nalishi, yuvish kanallarining joylashuvi va geometriyasi, dolota konstruksiyasi, burg‘ilash quvurining aylanishi hamda shlam zarrachalarining nisbiy harakati sallnik hosil bo‘lish jarayonini belgilovchi asosiy omillar sifatida ko‘rib chiqilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, burg‘ilash qorishmasining yuqoriga ko‘tarilish tezligi yetarli bo‘lmagan sharoitlarda shlam zarrachalarining halqa oralig‘ida ushlanib qolishi va burg‘ilash quvurining tashqi yuzasiga tomon konsentratsiyalanishi uchun qulay gidrodinamik sharoit yuzaga keladi. Bunday sharoitlarning davom etishi natijasida shlamning lokal to‘planishi kuchayib, sallnik hosil bo‘lish ehtimoli ortadi. Sallnik hosil bo‘lish mexanizmini chuqur o‘rganish burg‘ilash jarayonida mazkur asoratning oldini olishga qaratilgan texnik va texnologik yechimlarni ishlab chiqish uchun muhim ilmiy asos yaratadi. Tadqiqotda dinamik tizimlarda quvvat sarfi qonuniyatidan foydalanish shlam zarrachalarining harakat trayektoriyasi hamda ularning burg‘ilash quvuri yuzasiga yaqinlashish mexanizmini tushuntirishga imkon beruvchi nazariy yondashuv sifatida qaraldi. Natijalar quduq tubini samarali tozalash va sallnik hosil bo‘lishining oldini olish uchun yuvish kanallarining joylashuvi, nasadka geometriyasi, oqimning chiqish burchagi, gidravlik bosim va burg‘ilash qorishmasi sarfi kabi parametrlarni o‘zaro bog‘liq holda maqbullashtirish zarurligini ko‘rsatdi. Ayniqsa, gidromonitor oqimining quduq tubi yuzasiga yo‘naltirilishi shlamni tub zonasidan ajratish va uning halqa oralig‘i orqali yuqoriga olib chiqilish samaradorligini oshirishning muhim shartlaridan biri sifatida baholandi.
Сведения
- Опубликовано
- 2026 · Т. 4, № 3-1
- Язык
- Узбекский
- ISSN
- 3030-3214
- Издатель
- Karshi State Technical University
- Аффилиации
- Karshi State Technical University