Bolalarda ortiqcha vazn va semizlik rivojlanishida oilaviy-irsiy omillarning ahamiyatini baholash
Bolalar oʻrtasida semizlik va ortiqcha vazn muammosi bugungi kunda sogʻliqni saqlash tizimining eng dolzarb masalalaridan biridir. Ushbu patologiyaning rivojlanishida genetik moyillik muhim oʻrin tutadi. Semizlik koʻpincha qandli diabet, arterial gipertoniya va yurak-qon tomir kasalliklari kabi jiddiy somatik xastaliklar bilan birgalikda namoyon boʻlib, erta yoshdagi bolalarda metabolik sindrom buzilishlariga olib kelishi kuzatiladi. Maqsad. Bolalarda semizlik va unga yondosh patologiyalar rivojlanishida irsiy omillarning uchrash chastotasini baholashdan iborat. Material va usullar: Tadqiqotda 246 nafar bola ishtirok etdi (90 nafar normal vaznli, 156 nafar ortiqcha vaznli va semiz). Oilaviy anamnez (1 va 2-darajali qarindoshlar) tahlil qilindi. Guruhlar orasidagi sifat koʻrsatkichlari boʻyicha farqlarning statistik ishonchliligi Pirsonning χ² (xi-kvadrat) mezoni yordamida baholandi. Natijalar farqi p<0,05 darajasida statistik ishonchli deb qabul qilindi. Matematik hisob-kitoblar SPSS Statistics 23.0 va MS Excel dasturlari yordamida bajarildi. Natijalar: Semizlik (p<0,001), qandli diabet (p=0,006), arterial gipertenziya (p=0,031) va yurak-qon tomir patologiyasi (p=0,027) asosiy guruhdagi bolalarning oilasida nazorat guruhiga nisbatan ishonchli darajada koʻproq qayd etildi. Xulosa: Ota-onalar hamda yaqin qarindoshlarda semizlik, qandli diabet va arterial gipertoniyaning mavjudligi bolalarda ortiqcha vazn shakllanishi uchun asosiy xavf omili boʻlib xizmat qiladi.
Сведения
- Опубликовано
- 2026 · Т. 5, № 5, С. 1447-1452
- Язык
- Узбекский
- ISSN
- 2181-2926
- Издатель
- Andijan State Medical Institute
- Аффилиации
- Andijon davlat tibbiyot instituti, Andijon, Oʻzbekiston.