Central Asian Research Index

Жанубий оролбўйи тиббиёт журнали, 2026

ARTERIAL GIPERTENZIYA FONIDA SEREBROVASKULYAR ZARARLANISH:SEREBRAL KICHIK TOMІRLAR KASALLIGI, KOGNITIV BUZILISHLAR VA INSULT PROFILAKTIKASIGA ZAMONAVIY YONDASHUVLAR

Zulayxo Boltayeva

Urganch davlat tibbiyot instituti, asab va ruhiy kasalliklar kafedrasi katta o'qituvchisi, PhD.

Аннотация · Abstract

Dolzarbligi: Arterial gipertenziya zamonaviy tibbiyotning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib, uning uzoq muddatli asoratlari bemorning hayot sifati, mehnat qobiliyati va umr davomiyligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Miya arterial gipertenziyaning muhim nishon a’zolaridan biri hisoblanadi. Zamonaviy nevrologiyada gipertenziyaning ta’siri faqat insult bilan cheklanmay, serebral kichik tomirlar kasalligi, oq modda zararlanishi, lakunar infarktlar, mikroqon quyilishlar va qon tomir kognitiv buzilishlari bilan ham bog‘liq ekanligiga katta e’tibor qaratilmoqda. Kasallikning dastlabki bosqichlari ko‘pincha yaqqol nevrologik simptomlarsiz kechishi mumkin. Diqqat va xotira pasayishi, psixomotor sekinlashuv, uyqu buzilishi, bosh aylanishi va yurishda beqarorlik kabi belgilar miyaning surunkali qon tomir zararlanishining dastlabki klinik ko‘rinishlari bo‘lishi mumkin. Shu sababli gipertenziya bilan bemorlarni faqat qon bosimi raqamlari bo‘yicha emas, balki serebrovaskulyar xavf va nishon-a’zo zararlanishi nuqtayi nazaridan ham kompleks baholash muhim. Materiallar va usullar: Mazkur ish adabiyotlar sharhi shaklida bajarildi. 2021–2026-yillarda e’lon qilingan xalqaro klinik qo‘llanmalar, sistematik sharhlar, klinik tadqiqotlar va ilmiy maqolalar tahlil qilindi. Manbalarni tanlashda arterial gipertenziya, serebrovaskulyar kasalliklar, cerebral small vessel disease, ishemik va gemorragik insult, lakunar infarktlar, oq modda giperintensivliklari, serebral mikroqon quyilishlar, qon tomir kognitiv buzilishlari va insult profilaktikasiga oid ma’lumotlarga asosiy e’tibor berildi. Tahlilda World Health Organization (WHO), European Society of Hypertension (ESH), European Society of Cardiology (ESC), European Stroke Organisation (ESO), American Heart Association/American Stroke Association (AHA/ASA) tavsiyalari hamda zamonaviy nevrologiya va kardiologiya adabiyotlaridan foydalanildi. Ma’lumotlarni taqqoslash, umumlashtirish va tizimlashtirish usullari qo‘llanildi. Xulosa: Arterial gipertenziya serebrovaskulyar zararlanishning asosiy modifikatsiya qilinadigan xavf omili bo‘lib, serebral kichik tomirlar kasalligi, lakunar infarktlar, oq modda zararlanishi, kognitiv buzilishlar va insult xavfini oshiradi. 2021–2026-yillardagi zamonaviy tavsiyalar gipertenziyani erta aniqlash, individual va barqaror nazorat qilish, kognitiv holat hamda ko‘rsatma bo‘lganda miya MRTsi orqali kichik tomirlar zararlanishini baholashni serebrovaskulyar profilaktikaning muhim qismi sifatida ko‘rsatadi.

Сведения · Details