Central Asian Research Index

Tibbiyot, ta’lim va innovatsion tadqiqotlar, 2026, т. 2, № 10, с. 620-626

O‘PKA SARATONINING KLINIK-MORFOLOGIK XUSUSIYATLARI HAMDA CD34, P53 VA PD-L1 IMMUNOGISTOKIMYOVIY KO‘RSATKICHLARINING TAVSIFIY TAHLILI

Behzodjon Boypo‘latovich Rahmatov, Mirza-Ali Aliyorovich G‘afur-Axunov

Аннотация · Abstract

Tadqiqotning maqsadi ikki hududiy onkologiya markazida o‘pka saratoni bilan kasallangan bemorlarning klinik-morfologik xususiyatlarini tavsiflash hamda tanlangan mayda hujayrali bo‘lmagan o‘pka saratoni namunalarida CD34, p53 va PD-L1 immunogistokimyoviy ko‘rsatkichlarini baholashdan iborat. 2020–2025-yillarda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Navoiy (n=200) va Toshkent (n=100) viloyat filiallarida qayd etilgan 300 nafar bemorning klinik-arxiv ma’lumotlari retrospektiv tavsifiy tahlil qilindi. Navoiy filialidan tanlangan 60 nafar bemorning IGX natijalari ko‘rib chiqildi: arxiv tashxislariga ko‘ra, yassi hujayrali saraton, adenokarsinoma va yirik hujayrali saraton guruhlarining har biriga 20 nafardan bemor kiritilgan. Erkaklar 245/300 (81,7%), 60–74 yoshdagilar esa 162/300 (54,0%) ni tashkil etdi. III–IV bosqich 274/300 bemorda (91,3%; 95% ishonch oralig‘i: 87,6–94,0%) qayd etildi. Barcha 60 ta to‘qima namunasida CD34-musbat qon tomir endoteliysi aniqlandi. Adenokarsinomada >60% ekspressiya toifasi p53 bo‘yicha 10/20 (50,0%), PD-L1 bo‘yicha esa 9/20 (45,0%) holatda kuzatildi. Markerlar ekspressiyasi tanlangan gistologik guruhlarda tavsifiy jihatdan farqlandi.

Сведения · Details